Pensiya yoshida bo‘lgan pedagog kadrlarning mavjud malaka toifalari saqlanib qolinishi va unga mos ravishda oylik maoshlari to‘lanishi yuzasidan rasmiy ma’lumot

12 Февраль 2021
image

Xalq ta’limi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Ta’lim muassasalarida pensiya yoshida bo‘lgan pedagog kadrlarning malaka toifalari va lavozimlari saqlab qolinishi, shuningdek, ularning malaka toifalari va lavozimlariga mos ravishda oylik ish haqi to‘lovlarini amalga oshirilishi bo‘yicha yuzaga kelayotgan tushunmovchiliklarga aniqlik kiritish maqsadida barcha hududiy boshqarmalarga ko‘rsatma berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 maydagi 392-son qarori (kuchga kirish sanasi 2019 yil 14 may) bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini attestasiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 7-bandida attestasiya sertifikati muddati tugamagan pensiya yoshida bo‘lgan pedagog kadrlarning mavjud malaka toifalari va lavozimlari ta’lim muassasalarida ishlagan davrida saqlanib qolinishi belgilangan.

Shuningdek, mazkur Nizomning 79-bandiga ko‘ra pedagog kadrlarning bazaviy tarif stavkalari miqdori, ularning malaka toifasi yoki lavozimi sertifikat asosida belgilanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, ushbu Qaror kuchga kirgan sanada, ya’ni 2019 yil 14 may sanasida,  attestasiya sertifikati muddati tugamagan pensiya yoshida bo‘lgan pedagog kadrlarning mavjud malaka toifalari saqlanib qolinadi (agar pensiya yoshida bo‘lgan pedagog kadrlar keyinchalik attestasiyaga o‘z xohishiga ko‘ra jalb etilib, malaka toifasi o‘zgarmagan bo‘lsa) hamda malaka toifasiga mos ravishda ish haqi to‘lovlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, mazkur Qaror kuchga kirgan vaqtgacha, ya’ni 2019 yil 14 may sanasigacha,  malaka toifa sertifikati amal qilish muddati tugagan pensiya yoshida bo‘lgan pedagog kadrlar attestasiyaga oxirgi malaka toifasi bo‘yicha jalb etiladi hamda mazkur Nizomning 80-bandiga asosan attestasiyadan o‘tgunga qadar ulaoga mutaxassis, oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotli o‘qituvchi lavozimi bo‘yicha haq to‘lanadi.

info@maktab.uz
@329_maktab
@329maktab
/329_maktab